Biz ijtimoiy tarmoqlarda

Mobiuz Cisco’ning ilg‘or sun’iy intellekt yechimlari asosida tarmoq xavfsizligini kuchaytiradi

Mobiuz mobil operatori delegatsiyasi Buyuk Britaniyada bo‘lib o‘tgan eng yirik Cisco Connect 2026 texnologik forumida ishtirok etdi va Cisco bilan keyingi hamkorlik bo‘yicha memorandumni imzoladi.

18–19-may kunlari Londonda mintaqadagi eng yirik texnologik forumlardan biri — Cisco Connect 2026 UK & Ireland bo‘lib o‘tdi. Bu IT-rahbarlar, texnologik direktorlar va aloqa operatorlari uchun kompaniyaning har yili o‘tkaziladigan flagman forumidir. Joriy yilda tadbirning asosiy mavzusi xavfsiz ulanish va raqamli barqarorlik uchun sun’iy intellekt yechimlari bo‘ldi.

Forum doirasida Mobiuz delegatsiyasi innovatsion yechimlar va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish istiqbollari muhokamalarida ishtirok etdi. Butun dunyo bo‘ylab yetakchi aloqa operatorlari tomonidan allaqachon qo‘llanilayotgan Cisco’ning asosiy yechimlari taqdim etildi. Ular qatorida:

Cisco Predictive Networks - nosozlikka aylanishidan oldin anomaliyalarni aniqlaydigan va trafik marshrutlarini avtomatik ravishda qayta sozlaydigan o‘z-o‘zini moslashtiruvchi tarmoqlar texnologiyasi.

Cisco AI Defense - sun’iy intellektdan foydalangan holda kibertahdidlardan himoya qilish uchun kompleks yechim.

Splunk + Cisco ThousandEyes - nosozlik sabablarini bir necha daqiqa ichida aniqlash imkonini beruvchi monitoring va ma’lumotlarni tahlil qilish platformasi.

Cisco Multicloud Defense - multibulutli muhitlarda xavfsizlikni boshqarishning yagona tizimi va boshqa yechimlar.


Forum doirasida O‘zbekiston mobil operatori Mobiuz va tarmoq texnologiyalari hamda kiberxavfsizlik sohasidagi jahon yetakchisi Cisco (AQSH) hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumni imzoladi.

Hujjat qo‘shma ishlarning strategik yo‘nalishlarini belgilaydi: tarmoq infratuzilmasiga sun’iy intellektni yanada joriy etish, tarmoq boshqaruvini avtomatlashtirish, kiberxavfsizlikni rivojlantirish va multibulutli muhitlarni yaratish. Bu Mobiuz’ning har bir abonenti uchun aloqa sifati va xavfsizligiga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan yo‘l xaritasidir.


Mobiuz va Cisco bir necha yildan buyon hamkorlik qilib kelmoqda. Cisco’ning tarmoq uskunalari operatorning IT-infratuzilmasida Mission Critical rejimida ishlamoqda — ya’ni ishlashida uzilishlarga mutlaqo yo‘l qo‘yilmaydigan muhitda.

Mobiuz 2021-yildayoq Cisco SMARTnet Total Care servis shartnomasiga o‘tgan bo‘lib, u keyingi ish kunida uskunani almashtirish, sutka davomida texnik qo‘llab-quvvatlash hamda dasturiy ta’minotni avtomatik yangilashni ta’minlaydi.


Cisco bilan imzolangan memorandum Mobiuz uchun AI-tarmoqlar va kiberxavfsizlik sohasidagi eng yaxshi jahon amaliyotlaridan foydalanish imkoniyatini ochadi. Yaqin vaqt ichida kompaniyalar yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni boshlaydi, ularning natijalarini har bir abonent his qiladi: yanada barqaror aloqa, tezroq ma’lumot uzatish va shaxsiy ma’lumotlarning yanada ishonchli himoyasi.

Ro‘yxatga qaytish